TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. "Tolibon" harakati jangarilari afg‘on-tojik chegarasi yaqinida faol jangovar harakatlar olib bormoqda, deb xabar berdi Sputnik Tojikiston. Xabarga ko‘ra, urush harakatlari Tojikistonning Panj tumani yaqinidagi Qunduz viloyatining Imom Sohib tumanida bo‘lib o‘tmoqda.
Toliblarning hujumi 4-5 iyun kunlari boshlanganligi qayd etilgan. Xorij axborot agentliklari ushbu holat haqida hozircha xabar tarqatmagan.
"O‘tgan tunda tartib posbonlari operatsiya boshlashdi. Lekin toliblar hujumga o‘tishdi va tuman markaziga yaqinlashib kelishmoqda", — dedi tuman hokimi Imomuddin Qurayshiy.
Ilgariroq Tojikiston milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari qo‘mondoni, general-leytenant Rajabali Rahmonali Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyatdan tashvishda ekanligi xabar qilingandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilik harakati o‘choqlari Afg‘onistonning janubidan shimoli tomon siljib bormoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.