TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ShHT davlat rahbarlarining tor doiradagi yig‘ilishini ochar ekan, tashkilotning yaratilish tarixini yodga oldi, deb xabar bermoqda Sputnik Qozog‘iston.
"Besh davlat rahbarlari XXR bilan chegara muammosini hal qildik va hujjatlarni imzolab bo‘lganimizdan so‘ng Xitoyning o‘sha vaqtdagi raisi janob Szan Szemin bilan taklif kiritdik: kelinglar hujjatlarni imzolab bo‘lganimizdan keyin tarqalmaymiz, buning o‘rniga iqtisodiy hamkorlik tashkil qilamiz. ShHT shunday paydo bo‘lgan", — dedi Nazarboyev.
U mazkur tashkilot o‘shandan buyon xalqaro miqyosda e’tirof etilganini, mintaqa xavfsizligini mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishda ulkan ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.
"Ostona sammitida tashkilotimizning yangi tarixi ochiladi deyish mumkin. Bugungi yig‘ilish so‘nggi marta olti tomonlama shaklda o‘tkaziladi. Bugun ShHT a’zoligiga Hindiston va Pokiston qabul qilinadi", — dedi Qozog‘iston rahbari.
Nazarboyev ishtirokchilarni qutlar ekan, O‘zbekiston prezidentiga alohida e’tibor qaratdi.
"Bugun bu yerga yig‘ilgan barchaning nomidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni alohida qutlamoqchiman — prezidentlikka saylanganidan so‘ng ilk bor tashkilotimizning davlat rahbarlari yig‘ilishida ishtirok etmoqda, bu insonga faoliyati va biz bilan hamkorlikdagi ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman", — dedi Nazarboyev.