TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. Yaponiya yuqori palatasi imperator Akixitoga taxtdan voz kechish va boshqaruvni uning to‘ng‘ich o‘g‘li — merosxo‘r shahzoda Naruxitoga berish to‘g‘risidagi maxsus qonunchilik loyihasini tasdiqladi. Ovoz berishda 242 deputatdan 235 nafari ishtirok etgan va ularning barchasi hujjatni qo‘llab quvvatlashgan.
Qonunning qabul qilinishiga Akixitoning o‘z xalqiga qilgan tarixiy murojaati sabab bo‘lgan. 2016-yilning avgustida imperator yoshi bir joyga borib qolgani tufayli "davlat ramzi" sifatida o‘z majburiyatlarini bajara olishidan havotirda ekanligini ma’lum qilgan edi.
Ammo ayni vaqtda Yaponiyadagi qonunchilikka ko‘ra, merosxo‘r faqat imperator vafotidan so‘ng taxtga chiqishi mumkin edi. Yaponiya hukumati bu qonunga o‘zgartish kiritishni lozim topmadi. Ularning fikricha, bunday o‘zgarishlar kelajakda imperatorlarga siyosiy bosim o‘tkazilishiga olib kelishi mumkin edi. Natijada, tegishli qonun Akixito uchun maxsus ishlab chiqildi.
"Imperatorning 200-yil ichida ilk marotaba taxtdan voz kechishi — bu davlatchilik asoslari, uning uzoq tarixi va kelajagi bilan bog‘liq bo‘lgan muhim masala. Uni hayotga tatbiq etish ustida hukumat sinchkovlik bilan ish olib boradi", — deb aytgan shu munosabat bilan mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe.
Qonunga muvofiq, Akixito taxtdan voz kechgandan so‘ng davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va boshqa imtiyozlarni saqlab qoladi, unga rasman "janobi oliylari" deya murojaat qilishadi. Shu bilan birga uni "dzoko" (taxtdan voz kechgan" deb nomlashadi, uning rafiqasi imperator Mitiko esa "dzokogo"ga aylanadi.
Dunyoning eng keksa monarxiya sulolasi vakili bo‘lgan Akixito 1933-yilning 23-dekabrida dunyoga kelgan. U imperator Xiroxito(1901-1989) ning to‘ng‘ich o‘g‘li. 20-asrning 50-yillarida Akixito oliy qavmlarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan Mitiko ismli qizga uylangan. Akixito u bilan tennis kortida tanishgan.
Oxirgi marta Yaponiya imperatori 1817-yilda taxtdan voz kechgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.