TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Toshkent shahar prokuraturasi Toshkent tibbiyot kolleji talabasi Jasur Ibrohimovning o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ma’lumotlarni tergov manfaatlari yuzasidan oshkor qilmaydi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qilmoqda.
Poytaxt prokurori o‘rinbosari Fatxulla Abdurahimovning so‘zlariga ko‘ra, ilgaritdan e’lon qilingan har qanday ma’lumot tergov borishiga xalal berishi mumkin va shu bois hozircha biror izoh berish noo‘rin.
"Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha Bosh prokuratura saytida ma’lumot berilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Tergov davomida jinoyat ishiga aloqador bo‘lgan barcha shaxslarga va ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi. Tergov manfaatlari yuzasidan boshqa ma’lumotlarni ayta olmayman. Tergov hammasini joy-joyiga qo‘yadi", — deb ta’kidladi Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari F.Abdurahimov bugun bo‘lib o‘tgan brifingda.
U shuningdek, oldindan xulosa chiqarmaslik va O‘zbekistonda aybsizlik prezumpsiyasi amal qilishi haqida eslatib o‘tdi. O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga ko‘ra, hech kim sud hukmi chiqmasdan turib jinoyat sodir qilishda aybdor deb topilishi va qonunga xilof ravishda jazoga tortilishi mumkin emas.
Prokuror o‘rinbosari mazkur jinoyat ishini tergov qilish uch oy ichida yakuniga yetishini aytdi. Ammo Jinoyat protsessual kodeksiga ko‘ra jinoyat ishini tergov qilish muddati besh oyga hamda alohida hollarda yetti oygacha cho‘zilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 3-may kuni P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji 2-bosqich talabasi 1999-yilda tug‘ilgan Ibragimov Jasurbek Maxammadjon o‘g‘li tan jarohati olib, Toshkent shahar 2-son bolalar jarrohlik shifoxonasiga yotqizilgan va olgan tan jarohatlari natijasida 2017-yil 1-iyun kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgan.
Holat yuzasidan Mirobod tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. To‘plangan dalillar majmui asosida I.Tulaganov ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilindi va unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.