TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Qozog‘iston parlamenti majlisi deputatlari O‘zbekiston bilan chegaradagi uchta avtomobil punkti kunu tun ishlaydigan rejimga o‘tishi haqidagi bayonnomani ratifikatsiya qilishni ma’qulladilar. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar qilmoqda.
Deputatlar Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlarining 2006-yil 4-sentabrdagi qozoq-o‘zbek davlat chegaralari orqali o‘tkazuv punktlari haqidagi kelishuvga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi bayonnomani ko‘rib chiqdilar. Hujjat shu yilning 11-martida Toshkentda va 14-martida Ostonada imzolangandi.
Ikki mamlakat "Qoplonbek", "Kazigurt" va "Atameken" chegara o‘tkazuv punktlari maqomini xalqaro (ko‘p tomonlama) va kunu tun ishlaydigan deb belgilashga kelishib oldi. Bayonnomada shuningdek, faqat yengil avtotransportlar o‘tishi uchun "Selinniy" va "Sirdaryo" xalqaro (ko‘p tomonlama) chegara o‘tkazuv punktlarini ochish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, bayonnomada Qozog‘iston temir yo‘l chegara punktini "Beyneu" stansiyasidan "Oazis" stansiyaga ko‘chirish bildirilgan.
Ilgariroq Qozog‘iston va O‘zbekistonnin hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlari doirasida yangi yo‘nalish ochilgandi: 3-iyun kuni Ostonadagi "Nұrli jol" bekatiga Samarqand — Toshkent — Ostona yo‘nalishi bo‘yicha ilk xaqaro poyezd yetib keldi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.