TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Markaziy bank boshqaruvi tarkibida o‘zgarishlar bo‘ldi, deb xabar bermoqda bank matbuot xizmati.
O‘zbekiston prezidentining tegishli farmonlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Timur Ishmetov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari, Saidkamol Xodjayev Markaziy bank raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosarlari — Shohruh Shoahmedov va Sherzod Xajimuratov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi.
Raisning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Timur Ishmetov 1979-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan.
2000 yili Toshkent Moliya institutining Moliya va kredit fakultetini, 2005-yili Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasini, 2007-yili Toshkent Davlat Yuridik institutining "Huquqshunoslik" fakultetlarini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2000-yili O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida iqtisodchi vazifasida boshlagan.
2017 yil aprel oyiga qadar turli lavozimlarda ishlab, Markaziy bankning Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti, Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar departamenti, Valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamentlariga rahbarlik qilgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.