TOShKENT, 7-iyun — Sputnik. Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
"O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-maydagi qaroriga asosan Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishning yagona tanlov tizimi joriy etildi. Bu tizim test sinovlari natijalari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar orasidan oliy harbiy ta’lim muassasalarini to‘ldirish imkonini beradi", — deyiladi xabarda.
"Tizimda o‘tkazilayotgan bunday islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — oliy harbiy ta’lim muassasalariga fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini o‘zlashtirgan, intellektual salohiyatli, jismonan baquvvat va sog‘lom yoshlarni saralab olishdan iborat, — deydi Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Hasan Xalilov. — Bu milliy armiyamizni malakali va yetuk kadrlar bilan ta’minlash, Qurolli Kuchlar salohiyatini yanada oshirish va mudofaa qudratini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi".
Anjumanda mutaxassislar harbiy kadrlar tayyorlash tizimiga kiritilayotgan yangiliklar va o‘zgarishlar xususida ma’lumot berdi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.