TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin terrorizm uchun fuqarolikdan mahrum etishni ma’qulladi hamda fuqarolikka o‘tayotganda qasamod qabul qilish haqida taklif kiritdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
"Bu masalada albatta Konstitutsiyaviy sud bilan maslahatlashish zarur. Umuman olganda bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlayman", — dedi Putin Davlat dumasi raisi Vacheslav Volodin bilan bo‘lgan uchrashuvda.
Prezidentning aytishicha, bu masala ilgari ham muhokama qilingan.
"Bizda odamlar armiyada qasamod qabul qiladi. Lekin mamlakatimiz fuqaroligini qabul qilayotganda ham xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib tantanali ravishda qasamod qilishi mumkin, bunda fuqarolikni qabul qilmoqchi bo‘lgan kishilar davlatimiz qonunlari, an’analariga rioya qilishi va urf-odatlar, tarixni hurmat qilishini tasdiqlaydi", — dedi Putin.
Ilgariroq Putin Rossiya Konstitutsiyasiga ko‘ra hech kimni fuqarolikdan mahrum etib bo‘lmasligini, lekin fuqarolikni qabul qilish bo‘yicha asos bo‘lgan qaror bekor qilinishi mumkinligi haqida fikr bildirgan edi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.