TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. "Urganch" va "Samarqand" xalqaro aeroportlari yana bir bor Fuqaro aviatsiyasining "Aeroport" assotsiatsiyasi tomonidan 2016-yil natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan nufuzli tanlov g‘oliblari bo‘lishdi, deb xabar berdi "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi matbuot xizmati.
"MDH mamlakatlaridagi yilning eng yaxshi aeroporti" tanlovida O‘zbekiston aeroportlari bir necha yillardan buyon qatnashib keladi, ular ko‘plab marta turli nominatsiyalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda.
O‘tgan yilgi faoliyat natijalariga ko‘ra "Urganch" aeroporti "Shiddat bilan rivojlanayotgan aeroport" deb e’tirof etilgan bo‘lsa, bu yil aeroport ushbu nufuzli tanlovda beshinchi marta g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. "Samarqand" aeroporti "Aktiv faoliyati uchun" nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Assotsiatsiya sovrinlari — Kubok va Faxriy yorliq, havo maskanlari xodimlarining yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, parvozlarning xavfsizligi va o‘tgan yilgi ish rejalarining bajarilishi ta’minlanishiga zamin yaratgan birdamlikdagi mehnatlari natijasidir.
Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida "Buxoro" aeroporti "MDH davlatlaridagi yilning eng yaxshi aeroporti" tanlovida g‘olib bo‘lgandi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.