TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Feysbukdagi Uzbek MDK sahifasi ma’muri Bobur Fozilov Usmonov-Navalniy videobahsiga bag‘ishlangan eng yaxshi hazil, mem va roliklar tanlovining 4 nafar g‘olibidan biri bo‘ldi.
U 10 mingdan ortiq da’vogar ichida g‘olib chiqdi va iPhone 7 Plus sohibiga aylandi.
Bobur Fozilov Facebookdagi sahifasida bu haqda ma’lum qildi.
"Mening memimni shaxsan Alisher Usmonov tanlab oldi!", — deb yozdi u.
So‘ngra esa ushbu mukofotni sotishini e’lon qildi.
"Men Alisher Usmonovga bag‘ishlangan mem uchun Iphone 7+ yutib oldim! Ayfonni sotaman! Pulini esa bolalar uyiga beraman!", — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Usmonov Navalniyga birinchi videomurojaatini 18-may kuni e’lon qilgandi. Tadbirkor o‘ziga nisbatan aytilgan qator ayblovlar, xususan, Dmitriy Medvedevga pora berish, soliq to‘lamaslik, sobiq Ittifoq davrida zo‘rlash uchun qamalganlik kabi ayblovlarni tuhmat deb atagan va Navalniyni sudga bergandi.
Keyinroq Alisher Usmonov Navalniyga qilgan videomurojaati asosida parodiya, rolik va karikaturalar tanlovini e’lon qildi. Tanlovda barcha xohlovchilar qatnashishi mumkin va g‘olibga iPhone 7 Plus hamda Usmonov imzosi tushirilgan futbolka sovg‘a qilinadi.