TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. 25-may kuni FXX tomonidan qo‘lga olingan shaxslar "Tepliy stan", metro bekatida terakt uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rishgan, deb xabar berdi "Kommersant".
Nashrning ma’lum qilishicha, Suriyadan berilgan ko‘rsatmaga asosan, portlatishlar orqali terrorchilar Rossiya poytaxtida futbol bo‘yicha Konfederatsiyalar kubogi o‘tkazilishini yo‘qqa chiqarishni ko‘zda tutishgan.
O‘tgan haftada Rossiya FXX Muhammadusuf Ashurov, Furqat Kushayev, Abdushukur Gulmirzayev va Magomed Davudovlarni hibsga olish talabi bilan sudga murojaat qildi. Ular terrorchilik tashkilotida ishtirok etishda, terakt uyushtirishga tayyorgarlikda, o‘q-dori va portlovchi moddalar saqlashda hamda portlovchi moddalar tayyorlashda ayblanmoqda.
O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 21 yoshli Ashurov o‘rta-maxsus ma’lumotga ega, rasman ishsiz. Uning hamurti- 24 yoshli Kushayev kollejni bitirgan, u ham ishsiz. Tojikiston fuqarosi 26 yoshli Gulmirzayev va dog‘istonlik 20 yoshli Davudov sudda Peredelkinodagi zavodda ishlashlarini, lekin norasmiy tarzda ishga joylashishganini aytishdi. Sud ularni ikki oyga hibsga olishga hukm chiqardi.
Terrorchi tashkilot a’zolarini ushlash bo‘yicha operatsiya poytaxtdagi Novo-Peredelkino tumanidagi uchta uyda o‘tkazildi. Bu uylarda ID tarafdorlari xonadon ijaraga olgan bo‘lib, xonadonlardan birini portlovchi qurilmalar tayyorlanadigan sexga aylantirishgan. Xonadondan elektrolit, vodorod peroksidi va atseton to‘ldirilgan 5 litrli idishlar, simlar, gayka va mix solingan xaltalar topilgan. Avtomobil o‘t o‘chirgichiga joylashtirilgan qo‘lbola bomba ham topilgan bo‘lib, FXX ekspertlarining aytishlaricha, 3-aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida amalga oshirilgan teraktda ham xuddi shunday portlovchi qurilmadan foydalanilgan.
Ekstremistlar ta’siriga birinchi bo‘lib Ashurov tushgan. U "Odnoklassniki" tarmog‘ida hozirda Turkiyada yashayotgan yurtdoshi bilan tanishib qoladi. Telegram messenjeri orqali bir necha oy davomida diniy mavzularda suhbatlashgan Ashurov IDga sodiqligi haqida unga bayat beradi (qasam ichadi).
Zavodga yuk tashuvchi bo‘lib joylashgan Ashurov o‘zi bilan ishlaydigan Kushayev, Gulmirzayev va Davudovlarni ID safiga chorlaydi. U hamkasblariga Suriyadagi jangarilar qanday zo‘r yashayotganlari haqida hikoya qiladi va ular o‘zlarini Rossiyada ko‘rsata olsalar Suriyaga borishlari mumkinligiga ishontiradi.
Berilgan ko‘rsatmaga asosan, ular Moskvada Konfederatsiyalar kubogi arafasida terakt sodir etishlari kerak bo‘lgan. Ularga qayerda hujum uyushtirishni o‘zlari tanlashlari mumkinligi aytilgan. Jangarilar dastlab "kofirlar cho‘chqa go‘shti yeydigan" restoranda portlash uyushtirishni rejalashtirishgan, keyin esa o‘zlari yaxshi biladigan "Tepliy stan" metro stansiyasini tanlashgan. Portlashdan so‘ng ular yo‘lovchilarga qarshi avtomatlardan o‘t ochishni va granata uloqtirishni reja qilishgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular teraktni odatda odam gavjum bo‘ladigan juma kunlaridan biriga rejalashtirishgan. Ashurovning o‘zi hujumni telefon orqali tasvirga olishi va lavhani internetga joylashtirishi lozim bo‘lgan.
Buyurtmachilar terakt ijrochilariga hujjat, pul va va Turkiyaga chiptalar jo‘natishni va’da qilishgan. Lekin ularning barchasi shunchaki hudkushga aylanishlari qo‘lga olinganlarning hech birining xayoliga kelmagan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.