TOShKENT, 24-may — Sputnik. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Telegram messenjerida xalqaro terrorchi tashkilotlar a’zolari o‘zaro aloqa qilishda foydalanadigan yashirin chatlarni aniqladi, dedi FXX direktori Aleksandr Bortnikov MDH xavfsizlik va maxsus xizmatlar rahbarlari yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli bo‘linmalarning tezkor tadbirlari tufayliTelegramdagi yashirin guruhlarga a’zo bo‘lgan terrorchilar haqida ma’lumot qo‘lga kiritilgan, deb yozadi RIA Novosti.
"Natijada terrorchilarning shaxsi, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi jinoiy aloqalar, foydalaniladigan aloqa vositalari hamda ularning reja-maqsadlari, manzilgohlari haqida ma’lumot olindi", — dedi u.
Bortnikov keyingi vaqtda MDH mamlakatlari maxsus xizmatlarining uzviy hamkorligi tufayli qator terrorchi guruhlar aniqlangani va yo‘q qilinganini qayd etdi.
"Terrorizmga aloqador va IShID hamda "Jabhat an-Nusra" safida bo‘lgan shaxslar haqida muntazam ravishda ma’lumot almashinib turiladi. Rossiyada odamlar gavjum joyda avtomat va qo‘lbola portlovchi qurilma yordamida terrorchilik harakatini amalga oshirishni rejalashtirgan IShID bo‘linmasi yo‘q qilindi", — deya aniqlik kiritdi u.
FXX direktori "Markaziy Osiyodan bo‘lgan 10 nafar terrorchi qo‘lga olinganini" aytdi.
"Qirg‘izistonlik hamkasblar bilan hamkorlikda mazkur guruhning qolgan a’zolarini qidirib topish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasi o‘tkazilmoqda", — dedi Bortnikov.
FXX rahbarining ma’lum qilishicha, Rossiya maxsus xizmatlari tojikistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda taqiqlangan diniy guruhlarga aloqadorlikda gumon qilingan 22 nafar tojikistonlik fuqaroni qo‘lga olgan. Bundan tashqari, Ozarbayjon maxsus xizmatlariga ushbu mamlakatning Suriya va Iroqda terrorchilar tarafida jang qilayotgan 100 nafar fuqarosi haqida ma’lumot berilgan.