TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Toshkent shahrida kelgusi 3-yil ichida eng zamonaviy kinematografiya majmuasi barpo etiladi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri hukumatdagi manbaga asoslanib.
Kinematografiya majmuasini barpo etish O‘zbekiston prezidentining "Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan. Yangi kinematografiya majmuasi "O‘zbekkino" milliy agentligi negizida tashkil etiladi.
"Loyiha anchagina murakkab, "O‘zbekkino" hududidagi ko‘plab obyektlarni to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi. Ammo bu yerda doimiy ravishda filmlar suratga olinishi sababli qurilish ishlari ikki bosqichda, ya’ni 2018 va 2019-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu o‘zbek kinosi uchun xorijiy davlatlar darajasida bo‘lgan eng zamonaviy baza bo‘ladi", — deb ta’kidladi suhbatdosh.
Yangi kinematografiya majmuasida o‘zbek kinochilari uchun o‘rta asrlar uslubida bo‘lgan qadimiy shahar, an’anaviy o‘zbek mahallasi hamda ikki yopiq maxsus binolar, kaskadorlar maktabi, maxsus avtomashinalar uchun turargoh, mehmonxona, restoran va boshqa obyektlar quriladi.
Mazkur qaror loyihasida milliy kinematografiya sohasining meyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, kinematografiya obyektlarini to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi kino san’atini rivojlantirishning boshqa yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.