TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Toshkentdagi kinochilar uyida Xitoy Xalq Respublikasi kinematograflari bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Xabarga ko‘ra, uchrashuvda kinematografiya sohasida o‘zaro tajriba almashish, istiqbolli loyihalar ustida ishlash, hamkorlikda qisqa metrajli, animatsion, hujjatli va badiiy filmlar suratga olish, turli festival va madaniy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha rejalar belgilab olingan.
"China Film Promotion International" kompaniyasi bosh direktori Gu Guotsin O‘zbekistonlik hamkasblar bilan hamkorlikda professional kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, sohaga zamonaviy texnika va texnologiyalarni keng joriy qilishga kelishib olganligi haqida ta’kidlagan. "Kelgusida O‘zbekiston bilan hamkorlikda durdona kinoasarlar yaratish niyatidamiz", — degan u.
Uchrashuvda kino sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilingan.