TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini "Bog‘i Bobur" bog‘i bilan tanishishdan boshladi.
Mazkur istirohat bog‘i Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan. Bobur xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi so‘lim maskan 357 gektar maydonni egallagan, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi hukumat portali.
Bog‘da Bobur Mirzoning ramziy qabri va haykali, "Bobur va jahon madaniyati" muzeyi barpo etilgan. Bobur hayoti va merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy ekspeditsiya tomonidan olib kelingan noyob qo‘lozmalar, kitoblar va tarixiy ashyolar o‘rin olgan muzey O‘zbekistondagi diqqatga sazovor maskanlardan biriga aylangan.
Davlat rahbari tashabbusi bilan istirohat bog‘ini yanada obod qilish, muzeyni ta’mirlash va faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan.
"Har bir hududga borganda o‘sha yerning tarixini o‘rganish va tiklashga e’tibor qaratmoqdamiz. Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, ma’rifat nuqtayi nazaridan u hamon yashayapti. Bu maskanni yanada obod qilib, tarbiya o‘chog‘iga aylantirish zarur. O‘zligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident muzey eksponatlari bilan tanishdi. Olimlar va nuroniylar bilan muloqotda bo‘ldi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.