TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, investitsiya loyihalari ijrosining borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portali xabar bermoqda.
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 1-noyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli reja va maqsadlarni bayon qilgan edi.
Davlat rahbari Andijonga tashrifi davomida ana shu rejalar, Harakatlar strategiyasi ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar va amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishadi.
Andijonda sanoat, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, savdo, xizmat ko‘rsatish, san’at, sport kabi sohalar izchil rivojlanmoqda. Joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,5 foiz o‘sgan.
Viloyatda besh mingga yaqin sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Mahsulotlarning 95 foizdan ortig‘i avtomobilsozlik, yengil sanoat, kimyo, neft-kimyo, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida ishlab chiqarilmoqda.
Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Ularning safi kengayib, tovar va xizmatlar turi ortib bormoqda. Mehnat bilan band aholining 84 foizi shu sohada faoliyat ko‘rsatib, daromad topmoqda.
Viloyat dehqonlari mamlakat paxta va g‘alla xirmonining 8-9 foizini, meva-sabzavotning 11,5 foizini yetishtirmoqda.