TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimini isloh qilish haqidagi farmonni imzoladi, deb xabar beradi Sputnik muxbiri.
Hujjatda ko‘rsatilishicha, mamlakatda tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlar xavfsizligini ta’minlashni prognozlash, xavfni baholash, kuzatish va nazoratini amalga oshirish masalalari bilan shug‘ullanuvchi ixtisoslashtirilgan muassasalar faoliyat yuritayotgan bo‘lsada, favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlashning ta’sirchan tizimi yaratilmagan, buning oqibatida zilzilalar, xavfli gidrometeorologik hodisalar, ekzogen geologik jarayonlar, texnogen xususiyatli avariya va halokatlarning tahdidini har tomonlama tahlil qilish, ularning yuz berish xavfini aniqlash to‘liq amalga oshirilmayapti.
Ushbu tizim samaradorligini oshirish maqsadida mamlakat rahbarining "Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilindi.
Hujjatga muvofiq, FVV tizimi jiddiy ravishda kengaytiriladi. Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Kichik hajmli kemalar davlat inspeksiyasi, shuningdek, Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining Tezkor xabarlar xizmati O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazildi.
Natijada tinchlik va harbiy davrda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, gidrotexnik inshootlarning barqaror ishlashi, gidrometeorologik va seysmologik kuzatuvlar, kichik hajmdagi kemalardan bexatar foydalanish, suv havzalarida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavfi va omillarini oldindan aniqlash, ular vujudga kelishini barvaqt profilaktika qilish va oldini olishni ta’minlash hamda boshqa vazifalar Favqulodda vaziyatlar vazirligining yangi asosiy vazifalari etib belgilandi.
Prezidentning ushbu farmoni favqulodda vaziyatlar rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan tumanlarda (shaharlarda) favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘shimcha bo‘limlar va qutqaruv otradlari tashkil etish orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimining salohiyatini mustahkamlash va quyi bo‘g‘inlarini kengaytirishga qaratilgan.
Farmonga muvofiq, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman shahar hokimliklari huzurida ham shunday hududiy komissiyalar tashkil etildi hamda ularning tarkibiga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilishni ta’minlashda ishtirok etadigan barcha darajadagi mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari kiritildi.
Mazkur farmonda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tizimi samaradorligini oshirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ilm-fan va texnika yutuqlarini joriy etish, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.