TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekistonda "Har bir bolaga — mehr, e’tibor!" shiori ostida katta bayram tadbirlari tashkil etildi. Bu haqda Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlari hokimiyat matbuot xizmati xabar bermoqda.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan bayram tadbiri G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu tadbirda 1100 nafar kam ta’minlangan oilalar farzandlari, Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan huquq-tartibot organlari xodimlari va harbiy xizmatchilar farzandlari ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida bolajonlar uchun shou-dastur, yosh san’atkorlar ishtirokida konsert namoyish etilib, "Barkamol avlod" bolalar ijodiyot markazining ko‘rgazmalari, O‘zbekiston davlat sirki tomoshalari tashkil qilinadi.
Bog‘ning kichik sahnasida "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda «Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya» yuzasidan kasb-hunar kolleji, akademik litsey va umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida viktorina o‘yinlari o‘tkaziladi. Shuningdek, badiiy gimnastika, sharq yakkakurashi chiqishlari, shaxmat-shashka, stol tennisi musobaqalari, mavzuga oid asfaltga rasm chizish ko‘rik-tanlovi uyushtiriladi. Barcha viktorina va tanlovlar g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Bayram tadbiriga kelgan bolajonlarga esa sport kiyimlari, bog‘dagi attraksion o‘yingohlar uchun bepul chiptalar taqdim etiladi.
Ushbu tadbir Toshkent shahar va viloyat hokimligi, shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, Madaniyat, Xalq ta’limi bosh boshqarmalari, Adliya boshqarmasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, "Kamolot" YoIH, "Sog‘lom avlod uchun" jamg‘armasi, "Qizil yarim oy" jamiyati, "Bolalar sportini rivojlantirish" jamg‘armasi shahar bo‘limlari, "Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi", Mudofaaga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkilotining shahar Kengashi, Savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish departamenti va tuman hokimliklari hamkorligida tashkil qilingan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.