Ekspert: Avtomobillarning so‘mda sotilishi dollar narxi oshishiga ta’sir ko‘rsatadi

© Sputnik / Vladimir Trefilov / Mediabankka o‘tishDenejnie kupuri Rossii i SShA
Denejnie kupuri Rossii i SShA - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ekspertning fikricha, agar avtomobillar birdaniga katta partiyada sotilsa, bu vaqtda dollar kursi vaqtincha tushishi ham mumkin

TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Xabaringiz bor, Prezident qarori asosida 1-iyundan GM Uzbekistan avtomobillari milliy valyutada sotilishi belgilandi. Mazkur qaror ijrosining mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri qanday bo‘ladi, shu yo‘l bilan "qora" bozorda dollar kursi o‘sishini to‘xtatish mumkinmi? UZ24.UZ mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovning bu boradagi mulohazalarini keltirdi.

— Avtomobillar savdosining milliy valyutada amalga oshirilishi "qora" bozorda dollar kursi ko‘tarilishini to‘xtata oladimi? Ehtimol. Lekin shu aniqki, bu dollar o‘sishini cheklaydigan bir omil. Nima uchun? Chunki xaridorlar avtomobillarni xarid qilish uchun qayerdandir so‘m topishlari kerak. Endi ular dollarda jamg‘arib boradigan pul mablag‘larini so‘mga aylantirishga majbur bo‘lishadi. Shunga ko‘ra, valyuta bozorida dollar taklifi ortadi va mumkin qadar uning kursi pasayadi yoki ko‘p ko‘tarilmaydi. Bu bozorning asosiy — talab va taklif qonuni hisoblanadi.

Avtbomobil Chevrolet Malibu - Sputnik O‘zbekiston
GM Uzbekistan 1-iyundan boshlab avtomobillari so‘mda sotishni boshlaydi

Bundan tashqari agar avtomobillar birdaniga katta partiyada sotilsa, bu vaqtda dollar kursi vaqtincha tushishi ham mumkin. Bunga tayyor turing, deydi ekspert.

Ekspert shuningdek, so‘mning qiymati pasayishining sabablarini sanab o‘tdi.

Uning fikricha, dollar kursining umumiy o‘sishi — so‘mning qadrsizlanishi demak, uning fundamental sabablari bartaraf etilmasa, so‘mning qiymati pasayishini to‘xtatib bo‘lmaydi.

Asosiy sabab — yuqori inflyatsiya, ya’ni tovar va xizmatlar uchun narxlarning o‘sishi. Aynan inflyatsiya tufayli mamlakat ichida milliy valyuta qadrsizlanib borapti — bugun ma’lum bir tovarni kechagi narxda sotib ololmayapmiz. Natijada so‘mning qiymati boshqa valyutalarga nisbatan tushib borapti.

Yana bir muhim sabab — tashqi savdo sharoitlarning yomonlashuvi. Agar jahon bozorlarida eksport tovarlarimiz narxi tushsa, mamlakatga chet el valyutalari tushumi kamayadi. Natijada xorijiy valyuta qiymati o‘sadi. Hozirda bizning eksport tovarlarimiz narxi yuqori emas. Shu bois, eksport orqali tushadigan valyuta tushumi bilan milliy valyuta kursi qo‘llab-quvvatlanmayapti.

Uchinchi asosiy sabab — O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkori hisoblanmish Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz. Bugungi kunda Rossiyadagi mehnat migrantlarimiz 2014-yilgacha, rublning "qulashi"gacha bo‘lgan davrga nisbatan kam miqdorda xorijiy valyuta jo‘natishmoqda va bu mablag‘larning hissasi bilan so‘m qiymati pasayishining oldini olish mushkul.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.
Yangiliklar lentasi
0