31 may – Xalqaro kashandalikka qarshi kurash kuni

Obuna bo‘lish
Kashandalikka qarshi kurashishning eng samarali yo‘li sog‘lom hayot kechirishni tanlashdir.

TOShKENT, 31-may — Sputnik. Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida 31-may — Xalqaro kashandalikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan «Tamakisiz sog‘lom hayot» mavzuyida anjuman o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati xabar berdi.

Shahar ko‘chasida sigaret chekayotgan erkak. - Sputnik O‘zbekiston
Jamoat joylarida sigaret chekish ta’qiqlandi

Tadbirda farmatsevtika sohasida faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat va xalqaro tashkilotlar vakillari, professor-o‘qituvchilar, tibbiyot sohasining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda 6 million kishi tamaki chekish tufayli eng og‘ir kasalliklarga chalinib, hayotdan ko‘z yumadi. Bu — sigaret har olti soniyada bir odamning umriga zomin bo‘lmoqda degani. Bugun dunyoda tamaki chekuvchilar soni 1,6 milliardga yaqinlashgan. Bu muammoga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li sog‘lom hayot kechirishni tanlashdir.

Mutaxassislar fikricha, sog‘lom turmush tarzini yaratishda avvalo tamaki mahsulotlari iste’moliga chek qo‘yish zarur. Undagi nikotin moddasi inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, yurak, qon-tomir, nafas a’zolari kasalliklarini keltirib chiqarishi, organizmda xavfli o‘smalar paydo qilish ehtimoli kuchli. Ular orasida homilador ayollar, go‘daklar, bolalar, o‘smirlar va yoshlar hammadan ko‘p jabr ko‘rmoqda.

Tadbirda chekishning organizmga va intellektual rivojlanishga salbiy ta’sirlari, bu global muammoning barqaror rivojlanishga solayotgan xavfi, uning oldini olish, xususan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom hayot tarzini mustahkam qaror toptirish borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil mart oyidan boshlab, O‘zbekistondagi jamoat joylarida tamaki mahsulotlari chekish taqiqlanishidan ogohlantiruvchi belgilarni joylashtirish tartibi joriy etilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i bilan Nizom tasdiqlangan.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0