TOShKENT, 31-may — Sputnik. BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab turnesi doirasida Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladi, deb xabar bermoqda Podrobno.uz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari Boriy Alixonovga asoslanib.
BMTning yangi bosh kotibi iyun oyining birinchi yarmida Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safarga chiqishi kutilmoqda.
"Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, Orol va Orolbo‘yidagi holat bilan tanishiladi. Janob Guterresh ekologik obyektlarga tashrif buyuradi", — degan Alixonov.
BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun 2010-yilning aprel oyida O‘zbekistonda bo‘lgan. O‘shanda u Nukusga tashrif buyurgan va Orol dengizini vertolotda turib kuzatgan.
Portugaliya sobiq bosh vaziri Antoniu Guterresh 2017-yilning 1-yanvaridan rasman BMT bosh kotibi lavozimiga kirishgan.