TOShKENT, 31-may — Sputnik. 2016 yilning 30-may kuni Atabek Mamirbekov Mexroj Mahmudovning ishonchiga kirib, unga tegishli bo‘lgan "Lasseti" avtoulovini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, keyinchalik Sherzod Shorahmedovga 9000 AQSh dollariga sotib yuborgan va olgan pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Mamirbekovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik, ya’ni o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Olib borilgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida, Mamirbekov 2016-yil mart oyidan 2016-yil iyun oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida firibgarlik yo‘li bilan 53 nafar fuqaroga tegishli bo‘lgan avtoulovlarni qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.