TOShKENT, 30-may — Sputnik. 29 may kuni elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash to‘g‘risida O‘zbekiston prezident farmoni qabul qilindi.
Farmon talablariga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek, energiya resurslari uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda iste’molchilarni tarmoqdan uzish tartibi belgilandi.
2017 yil 1-iyuldan boshlab iste’molchi — jismoniy shaxslar har oyning 10 sanasiga qadar o‘tgan oyda foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘liq hisob-kitob qilishlari shart. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga energiya resurslari oldindan 100 foizlik haq to‘lash asosida yetkazib beriladi.
Bundan buyon to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan iste’molchilar tarmoqdan majburiy uziladi. Ularni qayta ulash uchun jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining ikki barobari, yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining o‘n barobari miqdorida to‘lov undiriladi.
Farmon ijrosi doirasida manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan energiya resurslari iste’molchilari xatlovdan o‘tkaziladi. Bunda kadastr hamda loyiha hujjatlari, shartnomalar, tarmoqlarga ulanish sxemalari, hisobga olish asboblari va ularning sozligi o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatish hamda ushbu sohada qonuniylikni ta’minlash choralari ko‘riladi.
Shu bilan birga, energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirilishiga, talon-taroj holatlarini aniqlash bo‘yicha Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro burosi tashkil etildi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.