TOShKENT, 30-may — Sputnik. O‘zbekistonda Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasi biznesmenlariga soddalashtirilgan tartibda ko‘p martalik vizalarni rasmiylashtirish imkoniyatlari ishlab chiqilmoqda. Bu haqda "Jahon" AA xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisidagi chiqishida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov vazirlik tomonidan viza tizimini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi.
TIV rahbari, jumladan, yirik va ishonchli xorijlik sarmoyadorlar, yuqori malakali mutaxassislar uchun kirish vizalari berish tartibini yanada yengillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Bildirilishicha, hozirgi paytda tadbirkorlik maqsadlarida O‘zbekistonga keladigan 13 davlat —Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Malayziya, Tailand, Fransiya, Chexiya, Shveysariya va Yaponiya fuqarolariga nisbatan soddalashtirilgan viza berish tartibi amal qilmoqda.
A.Komilovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasi biznesmenlariga soddalashtirilgan tartibda ko‘p martalik vizalarni rasmiylashtirish imkoniyatlari ishlab chiqilmoqda.