TOShKENT, 18-may — Sputnik. Latviya bosh vaziri Maris Kuchinskis o‘zbekistonlik tadbirkorlarni Latviyadagi erkin portlar va iqtisodiy hududlarda yangi korxonalar tashkil etishga chorladi. Bu haqda bosh vazir O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Latviya vazirlar mahkamasi matbuot xizmati.
Uchrashuvda M. Kuchinskis har ikki mamlakat turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishi lozimligini qayd etdi.
"Biz o‘zbekistonlik tadbirkorlarga Latviyadagi erkin portlar va iqtisodiy hududlarda investitsiya kiritish va yangi korxonalar tashkil etishni taklif qilamiz", dedi bosh vazir.
U shuningdek, Latviyada o‘zbek mahsulotlarining Yevropaga eksport qilinishini ta’minlaydigan O‘zbekiston savdo uyining ochilishini olqishladi.
Kuchinskis ekologik texnologiya va elektron boshqaruv borasidagi o‘zaro hamkorlikni ham istiqbolli yo‘nalishlardan deb baholadi.
Kuchinskis va Yo‘ldoshev Latviya-O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasining ishini yuqori baholadilar. Uchrashuv yakunida Kuchinskis O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Oripovni Latviyaga tashrif buyurishga taklif etdi.
Bu yil Latviya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25-yil to‘ladi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik keng rivojlandi. O‘tgan yili O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi tovar almashuv hajmi 2015-yildagiga nisbatan 42,04 foizga yoki 27,52 mln yevroga oshdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.