TOShKENT, 30-may — Sputnik. O‘zbekistonning YuNESKOdagi Doimiy vakili Lola Karimova-Tillyayeva "Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon" hujjatli filmining rasmiy treylerini havola etdi.
U o‘rta asrlar buyuk olim va mutafakkiri, Samarqand hukmdori Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlangan ushbu hujjatli film Iskya va Venetsiyada (Italiya) bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro kinofestivallarda ishtirok etishini ma’lum qildi.
Filmga Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayevlar kinoproduserlik qilishgan.
Lola Karimova-Tillyayevaning yozishicha, film rejissori Bahodir Yuldoshev ushbu kinokartinada XV asrning buyuk astronomi hamda Movarounnahr hukmdori hayotidagi fojialar, mushkulotlar va zafarlarni aks ettirishga harakat qilgan.
"Bu ulug‘ inson haqida film yaratish g‘oyasi menda ko‘p yillar avval paydo bo‘lgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek shaxsi meni bolalagimdan o‘ziga maftun etgan. U nainki qomusiy bilimlar egasi, yetuk olim va sulhparvar hukmdor, o‘z davri uchun favqulodda sanalgan xislatlar sohibi ham edi. Sirasini aytganda, Ulug‘bek zamon va makon sarhadlarini oshib o‘tgan umrboqiy siymodir", — deya ta’kidlaydi Lola Karimova-Tillyayeva.
"Ushbu kinokartinani O‘zbekistonda tug‘ilib-o‘sgan, mavzuni teran his etadigan ijodkor yaratishi kerak edi. Bu jihatdan, Bahodir filmni suratga olish haqidagi taklifimizni mamnuniyat bilan qabul qilganidan xursandman. U ko‘z ochib yumguncha ulug‘ olim va hukmdor yashagan davrga sho‘ng‘ib ketdi", deb yozadi u.
Filmda AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Rossiya, O‘zbekiston va Niderlandiyaning yetakchi olim va mutaxassislari Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati xususidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi.
Filmni suratga olishda Oksford universitetining Bodlian kutubxonasi, Britaniya muzeyi, Fransiyaning Observatoire de la Cote d'Azur rasadxonasi hamda Oksfordning St. John's kolleji va Ilm-fan tarixi muzeyi artefaktlari, qo‘lozmalari va eksponatlaridan foydalanilgan. Suratga olish jarayoni Priston universiteti, Griffit rasadxonasi va Kaliforniya universitetida ham olib borildi.
Kinokartinada jahon kinosi yulduzlari Vinsent Kassel, Armand Assante, Fransisko Ovalle hamda milliy kino ustalarimizdan Ma’ruf Otajonov, Javohir Zokirov va Hoshim Arslonovlar ishtirok etdi.
Film musiqasi esa 1999-yilda "Titanik" filmiga yozilgan "My Heart Will Go On" qo‘shig‘i uchun "Gremmi" mukofotiga sazovor bo‘lgan Hollivudning mashhur bastakori Uolter Afanasyeff tomonidan maxsus yaratildi.
Xonanda Sevara Nazarxon ijrosidagi saundtrek esa filmga o‘zgacha joziba baxsh etdi.
Sohibqiron Amir Temurning nevarasi bo‘lmish Mirzo Ulug‘bek dunyo ilm-fanida o‘chmas iz qoldirgan. Samarqand uning hukmronligi davrida astronomiya sohasida tadqiqotlar o‘tkaziladigan xalqaro markazga aylandi. Ulug‘bek bunyod ettirgan muazzam rasadxonada o‘z davrining peshqadam olimu fuzalolari jam bo‘lgan edi.
Alloma tartib bergan astronomiya jadvalida 1118 ta yulduzning holati va joylashuvi mufassal bayon etilgan. U hisoblab chiqqan yil uzunligi natijalari esa zamonaviy hisob-kitoblardan atigi 25 soniyaga farqlanadi.
Buyuk olim, shuningdek, Yer sayyorasi o‘qining og‘ish burchagi 23,52 gradusni tashkil etishini aniqladi, ushbu ilmiy natija ham hozirga qadar eng aniq ko‘rsatkich deya e’tirof etiladi.