TOShKENT, 29 may — Sputnik. IIBB xabarida aytilishiga ko‘ra, bu safar VAZ-2106 rusumli avtomobil “chempion” bo‘lgan. Davlat raqami 10 J 506 FA bo‘lgan avtomobil 31 marotaba qizil chiroqqa o‘tgan va bir marotaba tezlikni oshirgan. Natijada ushbu haydovchi nomiga 9,435 million so‘mlik jarima yozilgan.
Ikkinchi o‘rinda davlat raqami 10J434LA bo‘lgan Cobalt avtomobili bo‘lib, u 21 marotaba qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan. Shundan 18-martasi tezlikni oshirish bo‘lgan. Natijada ushbu haydovchiga 4,193 million so‘mlik jarima yozilgan.
Uchinchi o‘rinda 01O905RA raqamli Matiz bo‘lib, u 17 marotaba qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan va 2,845 million so‘mlik jarima chiptalari olgan.
To‘rtinchi o‘rinda 15 marotaba qoidabuzarlik qilib, 2,246 mln so‘mlik jarima egasi bo‘lgan 01B361PA raqamli Spark avtomobili.
“Sharafli” beshinchi o‘rinni davlat raqami 30707FAA bo‘lgan Nexia avtomobili egallagan. Ushbu avtomobila haydovchisi 14 marotaba qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yib 3,295 million so‘mlik jarimaga tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning 15-martidan boshlab Toshkentning 115 chorrahalarida YHX qoidabuzarliklarini videoqayd qilish tizimi ishga tushgan edi. Shundan buyon 883 kamera tunu kun qoidabuzarliklarni qayd qilib kelmoqda. Eng ashaddiy qoidabuzar avtomobillar ro‘yxati va fotosuratlari bir necha bor teleekranlarda e’lon qilinishiga qaramasdan har hafta “yangi rekordchilar” paydo bo‘lmoqda.