TOShKENT, 27-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanining Beltepa va Jarariq ko‘chalari kesishgan joyda barpo etilayotgan ko‘ngilochar istirohat bog‘i qurilishini ko‘zdan kechirdi.
Bog‘ hududi 10 gektar bo‘lib, bu yerda ko‘ngilochar maskanlar, zamonaviy attraksionlar, bionik ayvonlar, qishki bog‘, charxpalak, musiqali favvoralar, skeytbord va chang‘i uchish joylari, velosiped yo‘laklari, istirohat bog‘i bo‘ylab dor yo‘li, kafelar, 5 qavatli avtomobillar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan.
Bog‘ hududiga quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan yoritish ustunlari va zamonaviy soyabonlar o‘rnatiladi. Hudud musaffoligini ta’minlash maqsadida boqqa kashtan, qarag‘ay, yapon saforasi, magnoliya, dub, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar, turli butalar ekiladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Loyihani amalga oshirish uchun birinchi bosqichda 18 million dollar, ikkinchi bosqichda 22 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi mo‘ljallanmoqda. Bog‘ning birinchi bosqichini 2018-yilda, ikkinchi bosqichini 2019-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ko‘ngilochar bog‘ to‘liq ishga tushgach, 350 kishi ish bilan ta’minlanadi.
Prezident ko‘rsatmalariga muvofiq poytaxtda bunyod etiladigan Qoraqamish istirohat bog‘i, "Eski shahar" savdo markazi, ko‘p qavatli turar-joylar, talabalar milliy ilmiy-ma’rifiy markazi, Islom madaniyati markazi loyihalari yanada takomillashtirildi.
Toshkentning Islom Karimov ko‘chasida 3,5 ming o‘rinli Universal sport saroyi, Maxtumquli ko‘chasida Ashxobod bog‘i, Shayxontohur tumanida zamonaviy savdo markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Yozuvchilar uyushmasi binosini qurish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi.
Davlat rahbari ushbu loyihalar bilan tanishdi, ularning qurilishini tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.