TOShKENT, 25-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Qaror matni O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida keltirilgan.
Qarorga muvofiq, Aholida saqlanayotgan qadimiy noyob qo‘lozmalar, chet el fondlaridagi mavjud asarlar nusxalarini ayirboshlash yoki olish hisobidan Institutning qo‘lozma va yozma manbalar fondini boyitib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasining turli tashkilotlarida saqlanayotgan arab yozuvidagi qo‘lozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarning saqlanish va ta’mirlanish holatini monitoring qilinadi va ularning elektron bazasi yaratiladi.
Sharqshunoslik instituti fondini aholida saqlanayotgan noyob qo‘lozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar hisobiga boyitish bo‘yicha ekspertlar guruhi va qo‘lozma, toshbosma kitoblar hamda tarixiy hujjatlarni baholash va sotib olish bo‘yicha komissiya tuziladi.
Institut fondida 26 ming jilddan ortiq qo‘lozma, 39 ming jilddan ortiq toshbosma kitoblar, 10 mingga yaqin arab, fors, eski o‘zbek va boshqa sharq tillaridagi tarixiy hujjatlar saqlanadi.
2000 yilda institut fondi ilmiy-madaniy obyekt sifatida YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.