TOShKENT, 26-may — Sputnik. Jizzax shahrida ta’lim muassasalari o‘quvchilarining "Barkamol avlod — 2017" respublika sport musobaqalari boshlandi, deb xabar berdi sport musobaqalarining matbuot xizmati.
"Barkamol avlod" sport musobaqalari yettinchi marotaba o‘tkazilmoqda. E’tiborlisi, ushbu sport musobaqalari birinchi marta Jizzax viloyatida sportning 8 turi bo‘yicha tashkil etilgan edi. Bu yilgi musobaqalar sportning o‘n yetti turi bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Ana shu sport o‘yinlarida toblanib, hozirgi kunda xalqaro maydonlarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan Hasanboy Do‘stmatov, Ruslan Nurudinov, Shahobiddin Zoirov, Nigina Sharipova, Fazliddin G‘oyibnazarov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Barno Mirzayeva, Umida Abdullayeva, Rustam To‘laganov, Murodjon Ahmadaliyev, Gulnoza Matniyozova, Ixtiyor Navro‘zov, Elmurod Tasmuradov, Diyor O‘razboyev, Rishod Sobirov kabi sportchilarning nomlari hurmat va g‘urur bilan tilga olinadi.
Musobaqaning mamlakat bosqichida tuman, shahar, viloyat miqyosidagi bellashuvlarda o‘z iqtidori va qobiliyatini namoyon etgan eng sara sportchilar qatnashmoqda.
"Barkamol avlod — 2017" sport o‘yinlari olovini boks bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Xurshid Tojiboyev va dzudo bo‘yicha Osiyo chempioni Iroda Abdurahmonova yoqdi.
O‘zbekiston prezidentining "Barkamol avlod — 2017" sport o‘yinlari ishtirokchilariga tabrigi o‘qib eshittirildi.
Prezident tabrigida yoshlik va nafosat bayrami, mahorat va kamolot ko‘rigi bo‘lgan bu musobaqalarni yuqori darajada o‘tkazish uchun zamonaviy sport inshootlari, infratuzilma obyektlari bunyod etgan, bu yo‘lda sidqidildan xizmat qilgan barcha fidoyi insonlarga, butun Jizzax ahliga o‘z minnatdorligini izhor qildi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.