TOShKENT, 13-may — Sputnik. Ozarbayjon poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan IV "Islom birdamlik o‘yinlari"da 103 nafar o‘zbek sportchilari sportning 15 ta turida O‘zbekiston sharafini himoya qilishadi. Kecha bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida ularning aksariyati Olimpiya stadioni bo‘ylab hur bayrog‘imizni baland ko‘targan holda yurib o‘tishdi.
Baydoqdor vazifasini esa boks bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, Singapurda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar olimpiadasi sovrindori Sardor Begaliyev bajardi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
O‘zbekiston delegatsiyasi arenaga kirib kelishi bilan stadionni to‘ldirib o‘tirgan mahalliy ishqibozlar o‘zbek sportchilarini qarsaklar bilan juda iliq qarshi olishdi.
Kecha tennis bo‘yicha qizlar terma jamoasi dastlabki uchrashuvni musobaqa mezbonlari – ozarbayjonlik raqiblariga qarshi o‘tkazishdi. O‘zbekistonning birinchi raketkasi Sabina Sharipova Umayra Xashimovani ikkala setda bir hil 6:1, 6:1 natijasi bilan taslim qilgan bo‘lsa, Kamola Umarova Alina Gavrish ustidan 6:2, 6:0 hisoblarida zafar quchdi.
Juftlik bahslarida esa Kamola Umarova/Polina Merenkova juftligi Xashimova/Safarova juftligini ikkala setda 6:2 va 6:0 hisoblarida mag‘lub etishdi. Natijada uchala bahs yakuniga ko‘ra mezbonlar ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozongan o‘zbekistonlik tennischi qizlar keyingi bosqichga yo‘llanma olishdi.
Erkaklar terma jamoasi esa ilk bahsda Turkmaniston terma jamoasi bilan kuch sinashdi. Saida’lo Saidkarimov raqibi Georgiy Pochayga dastlabki setni 3:6 hisobida boy bergan bo‘lsa, keyingi ikki setda 6:4, 7:5 hisoblarida g‘alaba qozondi va uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi. Yana bir tennischi Sergey Fomin esa afsuski Yuriy Rogusskiyga yutkazib qo‘ydi. Setlar bo‘yicha hisob 2:6, 6:4, 4:6.
Natijada turkmanistonlik tennischilar hisobni tenglashtirib olishdi. O‘zbekiston va Turkmaniston terma jamoalari o‘rtasidagi bahs taqdirini hal qiladigan juftliklar o‘rtasidagi bahs Bokudagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli o‘tkazilmay qoldi. Ushbu uchrashuv bugun bo‘lib o‘tadi. Unda Saidkarimov/Sultanbekov juftligi Rogusskiy/Gurbanov juftliga qarshi kurash olib borishadi.
Kecha shuningdek, badiiy gimnastikachilar ham bahslarni boshlab berishdi. Anastasiya Serdukova, Nurinisso Usmonova va Sabina Tashkenbayevalar kecha koptok va halqada bajarilgan mashqlar natijasiga ko‘ra final bosqichiga yo‘llanma olishdi.
Hozircha o‘zbekistonlik qizlar Ozarbayjon terma jamoasidan so‘ng ikkinchi o‘rinda borishmoqda. Final bahslari bugun bo‘lib o‘tadi.
Bokschilardan kecha faqatgina Ulug‘bek Do‘smurodov ringga ko‘tarildi. 60 kg. vazn toifasida qayd etilgan o‘zbek bokschisi ilk jangini qatarlik Erkesar Xakanga qarshi o‘tkazib 3:0 hisobida g‘alaba qozondi va keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Bugun yana uch nafar bokschi dastlabki bellashuvlarini o‘tkazishadi. 56 kg. vazn toifasida Abdulhay Shorahmatov qozog‘istonlik Nurbol Kaljanovga, 75 kg. vaznda Mahmud Gaipov jazoirlik Azzuz Budiaga, 81 kg. vazn toifasida esa Madiyor Saidrahimov misrlik Abdulrahmon Abdulgavvadga qarshi kurash olib borishadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.