TOShKENT, 26 ma — Sputnik. Rossiya mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu MDH mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston mudofaa vaziri general-polkovnik Qobul Berdiyevga Ulug‘ vatan urushining G‘alaba bayrog‘i nusxasini topshirdi.
"O‘zbek xalqining fashistlar Germaniyasini tor-mor etishga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etish ramzi sifatida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziriga harbiy yolgorlik — jasorat va shon-sharaf ramzi bo‘lgan G‘alaba bayrog‘ining tarixiy nusxasini taqdim etmoqchiman", — dedi Shoygu MDH mamlakatlari mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishini ochar ekan.
Rossiya Mudofaa vazirligining axborot va ommaviy kommunikatsiya departamentining ma’lum qilishicha, MDH mamlakatlari mudofaa vazirlari kengashi antiterror yo‘nalishida o‘zaro tadbirlar o‘tkazish tizimini tashkil etadi, deb yozadi RIA Novosti.
Kengash yig‘ilishida Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston, Armaniston, Ozarbayjon, Tojikiston, O‘zbekiston mudofaa vazirlari, Qirg‘iziston Bosh shtabi boshlig‘i va Turkmaniston harbiy attashesi ishtirok etdi.
Shuningdek, kelgusi yig‘ilishning vaqti va o‘tkazilish joyi ham aniqlab olindi.
"Hurmatli Sherali Mirzo (Tojikiston mudofaa vaziri) Dushanbeda noyabr oyida issiqmi? Issiq, yaxshi. Hamkasblar, boshqa takliflar yo‘qmi? Qaror qabul qilindi", — dedi Shoygu Moskvada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.