TOShKENT, 25-may — Sputnik. Tojikistonga ilk marta "Dushanbe-Antiterror — 2017" hamkorlikdagi antiterror mashg‘ulotlarida foydalanish uchun "Iskander-M" tezkor-taktik raketa majmualari keltirildi, dedi Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Vladimir Zarudniskiy. Bu haqda Sputnik Tojikiston xabar bermoqda.
"Toskoe raketa brigadasining "Iskander-M" tezkor-taktik majmualari hamkorlikdagi "Dushanbe-Antiterror — 2017" antiterror mashg‘ulotlari uchun ilk marta Tojikistonga keltirildi. Majmualar Rossiya HKKning An-124-100 "Ruslan" samolyotlari yordamida olib kelindi", — dedi qo‘mondon.
General Zarudniskiyning aytishicha, mashg‘ulotlar davomida raketachilar tog‘dagi shartli jangarilarning lageriga ushbu raketa orqali zarba berishadi.
Ilgariroq Tojikiston poytaxti yaqinidagi Ayniy aerodromiga Rossiyaning Shagol aviabazasidan Su-24M bombardimonchi samolyotlari kelib qo‘ngandi.
"Dushanbe-Antiterror — 2017" — Hamdo‘stlik mamlakatlari qurolli kuchlari jalb etilgan MDH antiterror markazining ilk mashg‘ulotidir. Mashg‘ulotlar 30-may kuni boshlanadi.
Ilgariroq dushanbelik mustaqil ekspert Jamshed Mamajonov "Dushanbe — Antiterror — 2017" mashg‘ulotlari haqida o‘z fikrini bildirgandi.
"MDH mamlakatlari tojik-afg‘on chegarasi yaqinida mashg‘ulot o‘tkazish bilan nafaqat tashqi tahdidlarga nisbatan jangovar tayyorgarlikni tekshirishmoqda. Ittifoqchilar Tojikistonga tahdid soluvchi Afg‘oniston shimolidagi qurolli guruhlarni bilvosita ogohlantirishmoqda", — dedi u.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.