TOShKENT, 25-may — Sputnik. O‘zbekistonda turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar xatlovdan o‘tkaziladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining "Turizm faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida"gi 189 — sonli qarori 2-bandiga muvofiq mazkur qaror kuchga kirgunga qadar berilgan litsenziyalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish belgilangan.
Shu munosabat bilan turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar rahbarlaridan ushbu faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani xatlovdan o‘tkazish maqsadida joriy yil 20-iyunga qadar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalariga hujjatlar taqdim etishlari so‘ralmoqda.
Rahbarlar sayyohlik tashkilotining yuridik (pochta) manzili, joylashgan joyi, aloqa ma’lumotlari (telefon, faks raqamlari, elektron manzil) aniq ko‘rsatilgan holda litsenziya bitimini qayta imzolash to‘g‘risidagi ariza, rahbar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, litsenziya nusxasi, turizm xizmatlarini ko‘rsatish uchun amaldagi muvofiqlik sertifikati nusxasini taqdim etishlari lozim.
Bundan tashqari, yuridik shaxs shtatida "turizm" yo‘nalishidagi oliy ta’lim yoxud o‘rta-maxsus kasb hunar ta’limi diplomiga yoki litsenziyalovchi organ tomonidan belgilangan tartibda 3-yil muddatga beriladigan amaldagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan kamida bir nafar xodim mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi so‘ralgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.