TOShKENT, 25-may — Sputnik. Tayinli yashash joyi bo‘lmagan shaxs avtoservis qulfini buzib kirib o‘g‘irlik sodir etgan hamda Chevrolet Malibu avtomobilini olib qochgan, deb yozadi nuz.uz.
Yarim tunga yaqin 30 yoshli Aleksandr Sorin Yunusobod tumanidagi Osiyo ko‘chasida joylashgan avtoservis qulfini buzib ichkariga kiradi. U narxi 700 ming so‘mlik kompressor, 400 ming so‘mlik silliqlash moslamasi, 80 ming so‘mlik Bosh elektr parmasi, 500 ming so‘mlik Blackberry uyali telefoni, 250 ming so‘mlik Uzmobile telefoni, umumiy narxi 1,7 mln so‘m turadigan ikkita kalitni olib ketishni maqsad qiladi.
"Sorin hamma buyumlarni bir joyga to‘playdi, lekin ularning hammasini ko‘tarib olib ketishga kuchi yetmaydi. Shunda uning ko‘zi oppoq Malibuga tushadi. U barcha buyumlarni mashinaga yuklaydi, avtoservisdan chiqib Amir Temur shohko‘chasi bo‘ylab yo‘lga tushadi", — dedi Yunusobod tumani IIB tergov bo‘limi katta tergovchisi Viktoriya Tojibayeva.
"Minor" metro bekati yaqinida mashinaga yana uch nafar tayinli uy-joyi yo‘q shaxslar o‘tirishadi. Ular aytishlaricha, ilgari Sorin bilan tanish bo‘lishmagan.
"Biz ko‘chada ketayotgandik, oldimizga mashina kelib to‘xtadi. Haydovchi bizni eltib qo‘yishni taklif qildi. Biz o‘tirdik, lekin darrov undan mashina kimligini so‘ray boshladik, chunki u mashina egasiga o‘xshamasdi", — deyishdi Chevrolet Malibu yo‘lovchilari tergov jarayonida.
So‘ngra Sorin ular bilan birga "Bodomzor" metro bekati hududida yashaydigan tanishinikiga boradi va o‘g‘irlagan buyumlarini garov evaziga tashlab undan qarz oladi. So‘ngra "qorong‘ida topishganlar" Malibuda shahar bo‘ylab sayrga chiqishadi.
Biroq "Uch qahramon"dagi aylana yo‘lda haydovchi mashinani beton to‘siqlarga ishqalab o‘tadi, natijada avtomobilning disk va shinalariga zarar yetadi. Burilishda uni yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari to‘xtatishadi va Sorindan hujjat ko‘rsatishini so‘rashadi. Shundan so‘ng haydovchi va uning yo‘lovchilari avtomobil bilan birga Yunusobod tumani IIBga keltiriladi.
Sorin aybiga iqror bo‘ldi. U o‘zini oqlar ekan, Malibuni ko‘rganidan so‘ng uni minib ko‘rgisi kelganini, shuning uchun olib qochganini aytdi.
Avtoservis egasi Akmal Latipov va avtomashina egasi Aziz Mirhaydarovning aytishicha, Malibu avtoservisda polirovka qilish uchun qoldirilgan bo‘lgan. Mashina olib qochilganidan so‘ng uning ballon va disklariga zarar yetgan, bamperida esa kichik yoriq paydo bo‘lgan.
Yunusobod tumani IIB tergov bo‘limi xodimlari ish yuzasidan hujjatlarni sudga topshirishdi. Aybdorlar tegishli jazoga tortildilar.
Barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.