TOShKENT, 24-may — Sputnik. Toshkent shahar IIBB Yunusobod tumani hududida sodir bo‘lgan o‘g‘irlik haqida xabar qildi.
22 may kuni taxminan soat 2:00da, Ozod Aziz o‘g‘li Murodov va Hasan Xamidjon o‘g‘li Karimovlar Yunusobod tumani hududida qurilayotgan xususiy uylarga kirib, xonadonda yollanma ishchi sifatida ishlovchi fuqarolarning uyali telefonlari va qurilish anjomlarini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringanlar.
Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan mazkur hududda o‘tkazilgan tungi tezkor-profilaktik tadbirlari natijasida ular daliliy ashyolar bilan birga qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi "v,g" bandlari va 169-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan (o‘g‘irlik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, uy-joyga takroran kirib, talon-toroj qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Muradov va Karimovlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Toshkent shahar IIBB yuqoridagi shaxslarning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, "102" telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar idoralariga murojaat etishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.