TOShKENT, 23-may — Sputnik. O‘zbekiston 2018-yil oxiriga qadar Xitoydan 24 dona elektrovoz sotib oladi, deb xabar bergan "O‘zbekiston temir yo‘llari"dagi manba Sputnik muxbiriga.
Uning aytishicha, respublikaga buncha katta miqdordagi lokomotivlar keltirilishining sababi po‘lat magistrallarni elektrlashtirish dasturining faol amalga oshirilayotgani bilan bog‘liq.
Birgina keyingi uch yil ichida mamlakatda qariyb 1,1 ming kilometr temir yo‘llari elektrlashtirildi, 2019-yil oxiriga qadar esa elektrlashtirish darajasini 51%ga yetkazish ko‘zda tutilgan.
"O‘zbekiston yaqin vaqt ichida bir nechta elektr temir yo‘l uchastkalarini ishga tushirishni rejalashtirgan. Harakatlanish samaradorligini ta’minlash uchun har bir uchastkaga kamida ikkitadan elektrovoz zarur bo‘ladi, shu bois xitoylik ishlab chiqaruvchilar bilan yirik partiyada elektrovoz sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Ushbu elektrovozlar Yaponiya va Germaniyaning yetakchi kompaniyalari qurilmalari bilan jihozlangan", — dedi manba.
Bundan tashqari, manbaning aytishiga ko‘ra, Ipak yo‘li iqtisodiy kamari loyihasining rivojlanishi va Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga temir yo‘li qurilishi rejalashtirilganligi ham lokomotivlar sonining oshirilishiga turtki bo‘lgan. Natijada 2020-yilga kelib mutaxassislarning taxminicha, kompaniya yo‘lovchi va yuk tashish hajmini 1,2 baravarga oshiradi.
Yangi poyezdlarning keltirilishi yuklarning tez va ishonchli yetkazilishini ta’minlaydi hamda ishlab chiqaruvchilarning xarajatlari kamayishida muhim omil bo‘ladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.