TOShKENT, 20-may — Sputnik. "Avaza" kongress markazida O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlarining muzokaralari yakunlanganidan so‘ng ikki tomonlama hujjatlar imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat rahbarlari ishtirokida Turkmaniston energetika vazirligi va "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida elektr energiyasi tranziti va yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi, Turkmaniston atrof-muhit muhofazasi va yer resurslari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi o‘rtasida atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish sohalarida hamkorlik haqidagi Kelishuv, Turkmaniston davlat sport qo‘mitasi va O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik hamda o‘zbek sportchilarining yopiq inshootlarda V Osiyo o‘yinlari va jang san’ati musobaqalarida ishtirok etishlarini tashkil etish haqidagi Protokol imzolandi.
Shuningdek, "Turkmenxovayollari" xizmati va "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik haqidagi hamda "Turkmennebit" davlat konserni va "O‘zbekneftegaz" xolding kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumlari imzolandi.
Bundan tashqari tomonlar Ashxobod va Toshkent shaharlari o‘rtasida birodarlik rishtalarini o‘rnatish haqidagi Kelishuv va Turkman davlat pedagogika instituti va Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘rtasida hamkorlik haqidagi Kelishuvni imzoladilar.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.