TOShKENT, 20-may — Sputnik. Kaspiy dengizining turkman sohilidagi "Avaza" kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.
"Birga bir" shaklida hamda kengaytirilgan tarkibdagi delegatsiyalar uchrashuvlarida tomonlar turkman-o‘zbek hamkorligi masalalarini keng miqyosda muhokama qildilar.
Siyosiy soha, xususan xalqaro tashkilotlar doirasida hamda mintaqa va Osiyo qit’asida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda o‘zaro hamkorlik masalalari ikki davlat rahbarlarining diqqat markazida bo‘ldi. Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalasi muzokaralarning alohida mavzusiga aylandi.
Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari savdo-iqtisodiy, energetika, transport-kommunikatsiya, ekologiya va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Ikki qardosh davlat yetakchilari madaniy-gumanitar va ilmiy sohalardagi munosabatlarga alohida e’tibor qaratdilar. Tomonlar ushbu sohadagi tadbirlarni faollashtirish — ikki mamlakat madaniyat kunlari, ijodiy, ilmiy va boshqa anjumanlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Muzokaralar davomida Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida sport aloqalarini rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. Ashxobodda sentabr oyida yopiq inshootlarda V osiyo o‘yinlari va jang san’ati musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan Turkmaniston prezidenti ushbu musobaqalarda o‘zbek delegatsiyasi keng tarkibda ishtirok etishiga umid bildirdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.