TOShKENT, 19-may — Sputnik. O‘zbekistonda Amerikaning ExxonMobil kompaniyasi texnologiyasi asosida metanoldan yuqori sifatli benzin ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Chexiyaning UNIS kompaniyasi ijrochi direktori Lyubosh Glozarning aytishicha, investitsion loyiha "Navoiyazot" korxonasi hududida amalga oshiriladi. Qurilma yiliga 300 ming tonnagacha metanolni qayta ishlash va 100 ming tonnadan ortiq "Yevro-5" standarti talabiga javob beruvchi benzin ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Investitsiya miqdori hozircha ma’lum qilinmadi.
"Biz ExxonMobil bilan hamkorlikda taklifimizni tayyorladik. Ayni paytda tegishli tuzilmalar loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Tez orada ishga kirishamiz degan umiddamiz", — dedi Glozar.
Hozirda "Navoiyazot" korxonasi hududida polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish korxonasi qurilishi yakuniga yetmoqda. Aynan mana shu korxona ExxonMobil texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan qurilma uchun xom ashyo bazasi bo‘ladi.
Chex kompaniyasi rahbarining ta’kidlashicha, loyiha yirik hisoblanadi, lekin juda tez — 3-4 yil ichida o‘zini qoplaydi. Bu sinovdan o‘tgan texnologiya bo‘lib, benzin barcha ekologik standartlarga javob beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Navoiyazot" hududida maydon tanlangan bo‘lib, texnik tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.
Shu bilan birga Amerika tomoni "O‘zbekneftegaz" xoldingi bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor hamda neft va gazni qayta ishlashda foydalaniladigan texnologiyalarini taklif etmoqda. Bunga Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish orqali yuqori sifatli surtma materiallar va moy ishlab chiqarish bo‘yicha texnologiyalar misol bo‘ladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.