TOShKENT, 19-may — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 19-may kuni amaliy tashrif bilan Turkmanistonga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlarining Turkmanboshi shahrida o‘tadigan uchrashuv va muzokaralarida ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilinadi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.
Muzokaralarda Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 6-7 mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar ijrosi ham ko‘rib chiqiladi.
Davlat rahbarlarining muzokaralari yakunida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo va boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkmaniston ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli tijorat shartnomalari va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Orol fojiasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlaridan kelgan bir guruh bolalar dam olayotgan "Avaza" milliy sayyohlik zonasiga tashrif buyuradi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.