TOShKENT, 18-may — Sputnik. Diplomlarni nostrifikatsiyalashda qulayliklar yaratildi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Qayd etilishicha, Toshkentdagi milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat test markazi tomonidan xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash hamda nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash amaliyoti, tajriba va natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilgan.
"Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 3-apreldagi "Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qarori asosida amalga oshiriladi, – degan Davlat test markazi bo‘lim boshlig‘i N.Eshonqulov. – Nizomga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingi asosida ro‘yxatga kiritilgan oliy o‘quv dargohlarini tamomlagan yurtdoshlarimiz maxsus sinovlar topshirmaydi".
Ya’ni ular ortiqcha ovoragarchiliklarsiz mutaxassisligi bo‘yicha ishga bemalol joylashishi mumkin.
Mazkur xalqaro reyting bo‘yicha ro‘yxatga kiritilmagan oliy ta’lim muassasalarini bitirganlarga bu imkoniyat berilmaydi. Bundan tashqari, nizomda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha ham yangi tartiblar belgilangan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.