TOShKENT, 18-may — Sputnik. O‘zbekistonda yil boshidan buyon 710 kilometrdan ortiq umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llari holati yaxshilandi. Bu haqda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ko‘rsatilgan davrda investitsiya dasturi bo‘yicha 59,7 mlrd. so‘mlik rekonstruksiya ishlari, kapital ta’mirlash dasturi bo‘yicha 9,4 mlrd. so‘mlik ish bajarildi.
Xususan, A-373 "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘li hamda "Pop shahri-Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘li kesishmasida transport yechimi foydalanishga topshirildi. Namangan viloyati Pop tumani hududida qurilgan, uzunligi 48 metr hamda eni 10 metrdan iborat bo‘lgan mazkur ko‘prikning foydalanishga topshirilishi poytaxt va Farg‘ona vodiysi o‘rtasida qatnovchi avtomobillarning harakati uchun qulaylik yaratadi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida bitum saqlash omborlari qayta qurildi, "Tanxoz" darosi ustidan karyerga olib boruvchi ko‘prik barpo etildi. Shuningdek, 782 metr uzunlikdagi temir yo‘l shoxobchalari rekonstruksiya qilindi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.