Samarqand viloyatida yo‘llarni asfaltlash ishlari boshlab yuborildi

© Sputnik / Mixail Mordasov / Mediabankka o‘tishYo‘lni ta’mirlash ishlari
Yo‘lni ta’mirlash ishlari - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Yo‘llarni ta’mirlash ishlari jarayonida shu kungacha 70 ming tonna asfalt yotqizildi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri

TOShKENT, 16-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aprel oyida Samarqand viloyatida bo‘lganida yo‘lsozlar oldiga ham bir qator vazifalarni qo‘ygandi. O‘zbekiston rahbari soha xodimlarini hayot bilan birga qadam tashlashga, odamlar talab-istaklariga quloq tutishga da’vat etgandi. Negaki, viloyatning ko‘pgina tumanlarida qishloq yo‘llarining holati talab darajasida emas, deb yozadi "Zarafshon" nashri.

Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev Samarqand rahbarlariga zo‘r takliflar kiritdi
"Prezidentimizning tashrifi, ochig‘i, yo‘lsozlarimizning ko‘zini ochdi, – deydi viloyat avtomobil yo‘llaridan foydalanish bosh boshqarmasi bosh muhandisi Abdurauf Ishoqov. – Izlagan imkon topar deganlaridek, nosoz yo‘llarni ta’mirlashga kuch ham, mablag‘ ham topildi. Jumladan, ancha yillardan buyon notekis holga tushib qolgan Chelak – Mitan – Ishtixon avtomobil yo‘lining 40 kilometri qisqa muddatda joriy ta’mirlandi. Ishtixon bilan Mitanni bog‘lovchi yo‘lga asfalt-beton qoplamasi yotqizildi".

Mitan – Qo‘shrabot – Nurota avtomobil yo‘lining 30 kilometri ravonlashtirildi. Yo‘lning qolgan qismini ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda. Kattaqo‘rg‘on suv omboriga olib boruvchi 10 kilometr yo‘l sozlandi. Shuningdek, Oqtosh – Xatirchi – Yangiravot avtomobil yo‘lining Oqtosh shahri bilan Mirbozorni bog‘lovchi qismida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Avtomobillar qatnovini to‘xtatmaslik maqsadida hozircha yo‘lning ensiz yo‘lagi foydalanishga topshirildi. Yillar davomida yo‘lovchilar e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan mazkur yo‘l yil davomida to‘la ta’mirdan chiqariladi. Toyloq – Urgut avtomobil yo‘lining 24 kilometr qismining holati ham yaxshilandi.

Bundan tashqari, qisqa vaqt ichida Samarqand shahrida tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan temir yo‘l vokzalidan Sartepa mavzesigacha bo‘lgan 6,2 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi. Shuningdek, Rudakiy ko‘chasining 1,5 kilometr qismi ta’mirlandi.

Keyingi uch-to‘rt oyda bajarilgan yo‘l qurilishi ishlarida viloyatdagi barcha korxonalar faol ishtirok etdi. Mavjud to‘rtta asfalt zavod zarur asfaltni peshma-pesh yetkazib berdi, 20 ta MAN yuk avtomashinalari, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy asfalt tekislash mashinalari ish unumini oshirishga xizmat qildi.

Yuqorida qayd qilingan qurilish-ta’mirlash ishlari jarayonida 70 ming tonna asfalt yotqizildi, deb xabar qilgan nashr.

Yo‘lda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda endi o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar bo‘lmaydi - Mirziyoyev farmoni
Shuningdek, 2018-yilda Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek va Gagarin, 2019-yilda Rudakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurilishini bosqichma-bosqich amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bo‘stonsaroy va Husayn Boyqaro ko‘chalari kesishmasidan Rudakiy ko‘chasining chorrahasigacha bo‘lgan yo‘lning ikki tomonini kengaytirish, zamonaviy uy-joylar joylashtirish, obodonlashtirish ishlari bajariladi. Ko‘chaning Siyob kanali ustidan o‘tgan qismidan ko‘prik quriladi. Bu vazifalarni bajarish yuzasidan hozir tegishli tashkilotlar tomonidan tashkiliy tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0