Buxoroda "Ipak va ziravorlar" festivali o‘tkaziladi

Obuna bo‘lish
Festivalda O‘zbekistonning turli go‘shalaridan kelgan ziravor mahsulotlari, ipak matolaridan tayyorlangan mahsulotlar namoyish etiladi hamda gilamdo‘zlik, zardo‘zlik, kulolchilik bo‘yicha mahorat darslari olib boriladi

TOShKENT, 18-may — Sputnik. Joriy yilning 26-28 may kunlari Buxoroda XVI marotaba "Ipak va ziravorlar" festivali o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Festivalda O‘zbekistonning turli go‘shalaridan kelgan ziravor mahsulotlari, ipak matolaridan tayyorlangan milliy ruhdagi mahsulotlar namoyish etiladi hamda o‘zbek xalqining milliy hunarmandchiligi hisoblangan gilamdo‘zlik, zardo‘zlik, kulolchilik bo‘yicha mahorat darslari olib boriladi.

Samarqand - Sputnik O‘zbekiston
Samarqandga kelgan turistlar eng mashhur o‘zbek filmlarini tomosha qiladilar

Shu bilan birga, xalq sayli shaklida tashkil etilayotgan madaniy tadbirlarda milliy xalq o‘yinlaridan — qo‘chqor urishtirish, xo‘rozlar jangi, dorbozlik va polvonlar tomoshalari ko‘rsatiladi.

"Palov sayli"da barcha viloyatlardan kelgan mahoratli oshpazlar o‘rtasida milliy taomlar tayyorlanib, musobaqalar o‘tkaziladi va festival mehmonlari taomlarni tatib ko‘rib, shaxsan aho berishlari mumkin bo‘ladi.

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati va "Hunarmand" uyushmasi tomonidan yosh dizaynerlarning milliy matolardan tayyorlangan liboslar moda ko‘rgazmasi ham tadbir dasturidan o‘rin olgan.

Shuningdek, folklor ansambllari chiqishlari, iqtidorli estrada yulduzlari ishtirokida gala konsert tadbirga yanada bayramona ruh bag‘ishlashi kutilmoqda.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Buxoro viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0