Latviya O‘zbekistonga aviaparvozlarni ko‘paytirishni taklif qildi

Obuna bo‘lish
O‘tgan haftada Toshkentda Latviya transport vazirligi delegatsiyasi "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasidan hozirda mavjud ikki reysga qo‘shimcha ravishda yana bitta reysni yo‘lga qo‘yishni so‘radi

TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Latviya O‘zbekistonga ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar miqdorini yanada oshirishni taklif qildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiriga Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasidagi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan haftada Toshkentga Latviya transport vaziri o‘rinbosari Uldis Reymanis boshchiligidagi vakillar delegatsiyasi tashrif buyurdi. O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vaziri Elor G‘aniyev bilan uchrashuv chog‘ida yuqoridagi mavzu ham muhokama qilindi.

"Latviya tomoni "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi hozirda mavjud ikki reysga qo‘shimcha ravishda yana bitta reysni yo‘lga qo‘yishini istaydi. Shuning uchun ham bu savol G‘aniyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘rtaga tashlandi. O‘zbekiston tomoni bizning iltimosimizni inobatga oldi va bu masala O‘zbekiston-Latviya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritiladi. Biz o‘z tomonimizdan mazkur masalaning tezroq hal etilishi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz", — dedi manba.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" aviabiletlar sotish bo‘yicha yangi texnologiyani joriy etadi

Ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri avialoqa 2004-yilda o‘rnatilgan. Bugungi kunda O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi juma va yakshanba kunlari "Toshkent-Riga" yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni amalga oshirmoqda. Mazkur reys "O‘zbekiston havo yo‘llari" va AirBaltic o‘rtasidagi kod-shering kelishuviga kiradi. Chiptaning minimal narxi 335 yevro bo‘lishiga qaramasdan, unga bo‘lgan talab yuqoriligi bois chiptalarni erkin savdoda topish qiyin.

Latviya bugungi kunda O‘zbekistonning Yevropadagi uchinchi o‘rinda turuvchi savdo hamkori hisoblanishi o‘zaro hamkorlik ulkan salohiyatga ega ekanligidan darak beradi. Shuning uchun tomonlar yo‘lovchi aviatashuvlaridan tashqari "Navoiy" aeroporti zamiridagi xalqaro intermodal xabdan foydalanib avia yuk tashuv xizmatlarini ham kengaytirish imkoniyatlarini faol muhokama qilishmoqda.

"Muzokaralar chog‘ida shuningdek o‘zbek mahsulotlarini, ayniqsa meva-sabzavot mahsulotlarini tranzit qilishda Latviya portlaridagi turli terminallardan foydalanish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, tomonlar erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni ham kuchaytirishni maqsad qilgan", — dedi manba.

Yangiliklar lentasi
0