TOShKENT, 17-may — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Muzqaymoqdan zaharlanish holati yuzasidan shu vaqtga qadar 186 ta qo‘ng‘iroq qayd etilgan. Ayni vaqtda 114 kishining ahvoli yaxshilangani uchun ularga javob berildi, dedi Sputnik muxbiriga tuman hokimligi matbuot-xizmati vakili.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Andijon viloyatining Shahrixon tumanida muzqaymoqdan ommaviy zaharlanish holati yuz bergani haqida xabarlar tarqala boshladi.
Ma’lum bo‘lishicha, muzqaymoqdan zaharlanish holati 15-may kuni boshlangan.
Muzqaymoqdan zaharlanganlar tuman markaziy shifoxonasiga ko‘ngil aynishi, qayt qilish, tana harorati ko‘tarilishi singari simptomlar bilan murojaat qila boshlaganlar.
Shahrixon tumani hokimligi matbuot-xizmati xabariga ko‘ra, ayni kunda tumandagi barcha muzqaymoq sotiladigan kafelar yopilgan.
"Bizga 15-may kuni kunduzi soat 14.00da qo‘ng‘iroq bo‘lgan bo‘lsa, 14.30gacha bo‘lgan 9ta qo‘ng‘iroqning hammasi muzqaymoqdan zaharlanish holati bo‘yicha bo‘ldi. Ana shu zahoti muzqaymoq sotiladigan joylar borib, o‘rganilib, plombalab qo‘yilgan", — dedi hokimlik vakili. Hamda tumandagi barcha muzqaymoq kafelari qattiq nazoratga olinganini qo‘shimcha qildi.
Shahrixon hokimligi ayrim matbuotlarda tarqatilgan "zaharlanish oqibatida bir necha kishi vafot etgan" degan ma’lumotni keskin rad etdi.
"Bu yolg‘on ma’lumot", — dedi hokimlik vakili.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, birinchi qo‘ng‘iroq bo‘lgan kundan boshlab viloyat sanitariya bo‘limi boshlig‘i, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimining o‘rinbosari, tuman hokimi, prokuror, soliq boshqarmasi boshlig‘i tumandagi markaziy shifoxonada shtab tashkil qilishgan va ushbu holat yuzasidan doimiy nazorat olib borishgan.
"Vaziyat to‘liq nazoratda, tekshiruv ishlari olib borilyapti. Vahimaga o‘rin yo‘q", — deb suhbatga yakun yasadi suhbatdosh.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.