TOShKENT, 16-may — Sputnik. Hollywood Reporter nashri xabar berishiga ko‘ra, noma’lum xakerlar guruhi Walt Disney kompaniyasining yaqinda ekranlarga chiqishi kerak bo‘lgan filmini o‘g‘irlab, uni internetda bepul tarqatish bilan po‘pisa qilishmoqda.
Walt Disney prezidenti Robert Ayger aytishiga qaraganda, xakerlar kompaniyadan tovon puli sifatida ko‘p miqdorda bitkoin* so‘ramoqda. Aksincha, ular yangi filmning avval 5 minutlik, keyin 20 minutlik bo‘laklarini birma-bir ineternetga chiqarish bilan po‘pisa qilishmoqda.
"Deadline" portali xabariga ko‘ra, gap "Qarib dengizi qaroqchilari" filmining yangi seriyasi haqida ketmoqda. Filmning jahon premyerasi 26-may kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya tovon puli to‘lashdan voz kechib, ushbu ish yuzasidan federal tergovchilarni jalb qilgan.
*Bitkoin — valyutaning yangicha ko‘rinishi bo‘lib, hech bir mamlakat, shaxs yoki tuzilma uni nazorat qilmaydi. Bitkoin faqat internetda mavjud bo‘lib, uning egasi haqidagi ma’lumotni hech kim bilmaydi. Bugungi bitkoin kursi 1BTC = 94254rubl.