TOShKENT, 13-may — Sputnik. Tashrif doirasida imzolangan investitsion kelishuv va shartnomalarning hajmi 20 milliard dollardan oshib ketdi, deb xabar qildi RIA Novosti "O‘zbekiston" telekanaliga asoslanib.
Neft-gaz sohasida umumiy qiymati 5 milliard dollarlikdan ortiq 10ta hujjat, xususan, O‘zbekistondan Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha o‘rta muddatli shartnoma, O‘zbekiston janubida sun’iy yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodini qurishni loyihalashtirish haqidagi kelishuv, hamda energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha loyihalar imzolandi.
Bundan tashqari, O‘zbekistondagi 300ga yaqin nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Ilgariroq veterinariya va o‘simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo‘jaligi sohasida 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi hujjatlar imzolangani ma’lum qilingandi.
O‘zbekiston yetakchisining tashrifi 13-mayga qadar davom etadi, so‘ngra Shavkat Mirziyov 14-15 may kunlari XXRda bo‘lib o‘tadigan "Bir kamar — bir yo‘l" forumida ishtirok etadi.
Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston tomonining ma’lumotlariga qaraganda, 2016-yilda o‘zaro tovar almashish hajmi 4,25 milliard dollar, jumladan O‘zbekiston eksporti 2 milliard dollarni, importi 2,25 milliard dollarni tashkil etgan. Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi investitsiyalari hajmi 8 milliard dollarga yetgan — bu respublikaga xorijiy investitsiyalar kiritilishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.