TOShKENT, 13-may — Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining Pekindagi uchrashuvi chog‘ida qator ikki tomonlama shartnomalar imzolandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Tomonlar shuningdek, Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimlar, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo notalar almashinuvini imzoladilar.
Bundan tashqari, veterinariya va o‘simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo‘jaligi sohasida 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi.
Ilgariroq tashrif doirasida hamda 14-15 may kunlari bo‘lib o‘tadigan "Bir kamar — bir yo‘l" forumi davomida umumiy qiymati 20 milliard dollarlik 100ga yaqin hujjat imzolanishi xabar qilingandi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.